O‘zbekistonda karantin: diniy marosim va majlislar o‘tkazish taqiqlandi

Barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa yig‘ilishlarni o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Sputnik

TOShKENT, 15 mar - Sputnik. 16-mart sanasidan ikki hafta muddatga e’lon qilingan karantin vaqtida yolg‘on va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima yaratadigan xabarlar tarqatadigan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Rasman: 16-martdan O‘zbekistonning chet el bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatiladi

Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirishga bag‘ishlangan shoshilinch yig‘ilishda xabar qilindi.

Barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Hukumat barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat qilishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda Navro‘z umumxalq sayllari, ommaviy marosimlar, jumladan uloq-ko‘pkari, kurash va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan tadbirlar vaqtincha bekor qilinishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek, O‘zbekistondagi barcha OTM talabalari, maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga 16-martdan ta’til berilishi haqida e’lon qilingan edi.

O‘zbekistonliklar koronavirus bo‘yicha barcha savollarga 1003 raqami orqali javob olishlari mumkin.