Qozog‘iston koronavirus tufayli ommaviy tadbirlarni bekor qilmoqda

Hukumat maxsus profilaktika choralarini amalga oshirishga kirishdi. Shu bois ommaviy tadbirlar bekor qilinadi.
Sputnik

TOShKENT, 12 mar – Sputnik. Qozog‘istonda ommaviy tadbirlar koronavirus tufayli bekor qilindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Kasim-Jomart Tokayev Twitter᾽dagi sahifasida ma’lum qildi.

“JSST koronavirus pandemiyasini e’lon qildi. Hukumat maxsus profilaktika choralarini amalga oshirishga kirishdi. Ommaviy tadbirlar bekor qilinadi. Oziq-ovqat va birinchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan tovarlar bilan ta’minlashda uzilishlar bo‘lmaydi. Kichik va o‘rta biznes zarar ko‘rishining oldini olish muhim”, — deb yozgan Tokayev.

Tokayev “asosiysi — fuqarolar salomatligi” ekanini aytib, “birga barchasini yengamiz” deya qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Moskvada koronavirus tarqalishi xavfi tufayli 10-aprelga qadar 5 mingdan ziyod kishi ishtirok etadigan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlangan edi.

Tojikiston poytaxtida koronavirus tufayli Navro‘z bayramini nishonlash bekor qilindi.

O‘zbekistonga nega koronavirusning tishi o‘tmayapti yoxud sirli virus haqida bilmaganlaringiz

O‘zbekiston hukumati ham yuzaga kelgan vaziyat sabab ayrim tadbirlarni keyinga qoldirdi va bir necha xorijga safar tadbirlar jadvalini qayta ko‘rib chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni mamlakatda jamoat salomatligini ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda hozirda jahon bo‘ylab koronavirus infeksiyasining (COVID-19) tarqalishi mamlakat aholisini ham ma’lum ma’noda xavotirga solayotgani ta’kidlandi.

Mirziyoyev ushbu xastalikning O‘zbekistonga kirib kelmasligini ta’minlash avvalo mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi, profilaktika ishlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarishni taqozo etishini qayd etdi.

Shu munosabat bilan, prezident Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga bu borada ko‘rilayotgan karantin va profilaktika choralari bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.

O‘zbekistonda Navro‘z bayramini nishonlash tadbirini bekor qilish milliy darajada muhokama qilinganicha yo‘q. Mamlakatda yangi koronavirus COVID-19 bilan kasallanishning birorta ham holati qayd etilmagan. Barcha o‘quv muassasalarida profilaktik tushuntirish, infeksiyaning oldini olishga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rilmoqda.