O‘zbekistonda Navro‘zoldi hashar o‘tkaziladi

Bayram arafasida uyushtirilayotgan hashardan tushgan mablag‘lar kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan muhtoj oilalarga sarflanadi.
Sputnik

TOShKENT, 11 mar - Sputnik. Joriy yilning 14-15 mart kuni respublika hududlari bo‘ylab “Obod yurt” umumxalq obodonlashtirish va ko‘klamzorlashtirish xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma’lum qilmoqda.

Qozog‘istonda Navro‘z bayramini qatorasiga 9 kun nishonlash taklif qilindi

Ushbu xayriya hashari hukumat farmoyishi doirasida Navro‘zni munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘klamzorlashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Hashar vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlar, shuningdek, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratiladigan ixtiyoriy mablag‘lar asosida uyushtirilmoqda.

Undan tushgan mablag‘lar kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar,  yolg‘iz qariyalar hamda pensionerlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi.