GMdan mashina olmayman: o‘zbekistonliklar narx oshishiga qarshi fleshmob uyushtirishdi

Yangi #GM_Uzbekistondan_moshina_olmayman xeshtegi ijtimoiy tarmoqlarda tobora ommalashmoqda. Odamlar shu tariqa o‘z noroziliklarini namoyish etishmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 11 mar - Sputnik. O‘zbekistonliklar UzAuto Motors kompaniyasining avtomobil narxilarini oshirganiga qarshi fleshmob uyushtirishdi.

Yangi #GM_Uzbekistondan_moshina_olmayman xeshtegi ijtimoiy tarmoqlarda tobora ommalashmoqda. Odamlar shu tariqa o‘z noroziliklarini namoyish etishmoqda.

Ko‘pchilik UzAuto Motors (avvalgi General Motors Uzbekistan) kompaniyasi umuman yopilib ketsa, qarshi emasligini yozmoqda.

“Odamlar mashina olish uchun yillab pul yig‘adi. Lekin har doim uning narxi oshirilishi tufayli uni sotib ololmaydi. Ushbu ijtimoiy norozilik bilan biz bunday narx oshirilishiga qarshi ekanimizni isbotlamoqchimiz”, - deya yozadi kuyunib oddiy fuqarolardan biri.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha UzAuto Motors kompaniyasi 9-martdan avtomobillar uchun yangi narxlarni e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, avtomobillar narxi turiga qarab 3 foizdan 21 foizgacha oshgan.