TOShKENT, 7 mar — Sputnik. “Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston prezidenti farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq adashib, bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 83 nafar ayollar afv etildi.
Afv etilgan ayollarning 12 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 29 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 17 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, 58 nafar ayol jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinmoqda.
Shuningdek, 25 nafar mahkuma ayolga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartiriladi.
Afv etilganlarning 7 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi.