TOShKENT, 5 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, kompaniyaning korporativ boshqaruv va neft-gaz tarmog‘ida raqamli texnologiyalarga o‘tish borasidagi tajribasi va ilg‘or yechimlarini jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
“O‘zbekiston hududida geologiya-qidiruv sohasida hamda uglevodorod konlarini, shu jumladan, qazib olinishi qiyin bo‘lganlarini o‘zlashtirish borasida kooperatsiyani mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi”, - deyilgan xabarda.
Ilmiy izlanishlar hamda energetika sektori uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.
Bugungi kunda kompaniyaning qo‘shma loyihalarga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollar atrofida. Yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Janubi-G‘arbiy Hisor va Usturtdagi konlarni o‘zlashtirish davom etapti.
Bundan tashqari, “Lukoyl” mamlakatdagi ijtimoiy dasturlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.