Markaziy bank asosiy stavkani nega o‘zgarishsiz qoldirganini izohladi

Ushbu qaror narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi hamda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohlangan.
Sputnik

TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvining 2020-yil 5-martdagi qarori bilan asosiy stavka yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Inflyatsiyani past darajada ushlab turish uchun MB nima qilmoqchi?

“Ushbu qaror tartibga solinadigan narxlarning kutilayotgan erkinlashtirilishi hamda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi iqtisodiy noaniqliklarning kuchayishi bilan izohlanadi”, - deyilgan xabarda.

Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, inflyatsiyaning eng yuqori darajasi joriy yilning ikkinchi choragida kuzatilishi mumkin. Ayni vaqtda 2020-yilning ikkinchi yarmida tariflar o‘sishining inflyatsiyaga ta’siri pasayib boradi va yil oxirida inflyatsiya darajasi prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqinlashadi.