TOShKENT, 4 mar – Sputnik. O‘zbekistonda 1-martdan boshlab Yaponiya diplomatik va rasmiy pasport egalari uchun 90 kunlik vizasiz rejim belgilandi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasining 115-sonli qarorida aytib o‘tilgan.
“2020 yil 1-martdan boshlab diplomatik yoki rasmiy pasport egalari bo‘lgan Yaponiya fuqarolari diplomatik yoki konsullik faoliyatini amalga oshirish hamda Yaponiya Hukumatining vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan maqsadlarda 90 kungacha O‘zbekiston Respublikasiga vizasiz kirish tartibi belgilansin”, - deyilgan qarorda.
Ushbu qaror jumladan diplomatlarning oila a’zolariga ham taaluqlidir.
Vizasiz kirish tartibi Yaponiyadan O‘zbekistonga mehnat, kasbiy, doimiy yashash yoki turizm maqsadida kelayotgan fuqarolar uchun amal qilmaydi.
“Vizasiz kirish tartibi, O‘zbekiston Respublikasiga mehnat, kasbiy va boshqa faoliyatni (shu jumladan, turizm va mukofotlanadigan sport tadbirlari) amalga oshirish yoki doimiy yashash uchun keladigan Yaponiya fuqarolariga nisbatan tatbiq etilmaydi”, - deyilgan qarorda.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda umumfuqaro pasportlari bilan O‘zbekistonga kelayotgan Yaponiya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim amal qilmoqda.