O‘zbekistonda boshlang‘ich sinflar uchun o‘quv soati 10,5 soatga qisqartiriladi

4 fan birlashtirib “Tarbiya” fani joriy qilindi. Yangi o‘quv yilida 1-11-sinflarida ushbu fanga 1 soatdan ajratiladi. 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi.
Sputnik

TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekistonda yangi o‘quv yilidan boshlang‘ich sinflar uchun o‘quv soati 10,5 soatga qisqartiriladi. Bu Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi bilan tasdiqlangan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan 2018-yil 27-aprelda tasdiqlangan Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida 1-4-sinf o‘quvchilarining haftalik o‘quv soati jami 88 soat etib belgilangan. Amalda bu soat 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan meyordan 10,5 soat oshib ketgan. Shu sababli, boshlang‘ich sinflarning o‘quv soati Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.

“Endilikda asosiy e’tibor fanlarga ajratilgan soatlarga emas, balki ulardan samarali foydalangan holda sifatli ta’lim berishga qaratiladi”, - deyilgan xabarda.

Quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1. “Tarbiya” fani

“Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” fanlarini birlashtirilib, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab 1-11-sinflarida “Tarbiya” faniga 1 soatdan ajratilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev maktablar ahvoli va o‘qituvchilar malakasini tanqid qildi

2. “Ona tili va adabiyoti” fani

O‘zbekiston umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fanining o‘quv dasturlari xorijiy tajribalar asosida o‘quvchilarda tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va og‘zaki nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirishga yo‘naltirilgan holda takomillashtirildi. 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejada ona tili va adabiyot fanini haftada 57 soat, yillik jami 1938 soat o‘qitilishi belgilangan.

Xususan, 5-sinfda ona tili va adabiyoti fanidan 30 ta mavzu, 6-sinfdan 17 ta mavzu chiqarib tashlandi. Shuningdek, 5-sinfdagi 40 ta mavzu, 6-sinfda 23 ta mavzu yuqori sinflarga o‘tkazildi.

3. “Matematika” fani

10-sinfda “Algebra” faniga haftasiga 1 soat qo‘shib berildi va ushbu fanning haftalik o‘quv soati miqdori 3 soatga keltirildi.

4. “Informatika va axborot texnologiyalari” fani

5-6-sinflarda “Informatika va axborot texnologiyalari” faniga haftasiga 0,5 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 1 soatga keltirildi. 

5. “Kimyo” va “Biologiya” fanlari

O‘quvchilarga STEAM ta’limi yo‘nalishidagi fanlarni chuqurroq o‘rgatish maqsadida 10-11-sinflarda “Kimyo” va “Biologiya” fanlariga 1 soatdan qo‘shib berildi va ularning haftalik o‘quv soatlari miqdori 3 soatga keltirildi.

6. “Geografiya va iqtisodiyot” fani

O‘zbekiston Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining 8-bandida “Bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lmagan fanlar asosida tuzilgan o‘quv dasturidan bosqichma-bosqich voz kechish va o‘quv fanlari sonini optimallashtirish” vazifasi belgilangan.

Yangi yilning III choragidan boshlab maktablarda fanlar ixtiyoriy o‘qitiladi

Shu munosabat bilan, “Geografiya”, “Iqtisodiy bilim asoslari”, “Tadbirkorlik asoslari” fanlarini birlashtirgan holda, yagona “Geografiya va iqtisodiyot” fani kiritildi. Ta’kidlanishicha, bu orqali o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirish va Xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda O‘zbekistonning muvaffaqiyatli ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsad qilingan.

7. “Jismoniy tarbiya” fani

1-4-sinflarda “Jismoniy tarbiya” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.

8. “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani

“Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchisi “Jismoniy tarbiya” fani o‘qituvchisi bilan hamkorlikda o‘quvchilar o‘rtasida turli sport musobaqalarini o‘tkazadi. Shu sababli, 10-11-sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanining haftalik o‘quv yuklamasi 1 soatdan belgilandi.