Qodirov “asr bitimini” musulmon dunyosiga qarshi jinoyat deb atadi

Checheniston rahbari AQSh prezidenti Donald Trampning “asr bitimi” deb ataluvchi Falastin-Isroil mojarosini tartibga solish rejasini butun dunyo musulmonlariga qarshi jinoyat deb hisoblaydi.
Sputnik

TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov AQSh prezidenti Donald Trampning “asr bitimi” deb ataluvchi Falastin-Isroil mojarosini tartibga solish rejasini butun dunyo musulmonlariga qarshi jinoyat deb hisoblaydi. Bu haqda u  Falastin prezidentining maslahatchisi, oliy sudya Mahmud al-Habashiy bilan uchrashuv yakunida “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Uchrashuv chog‘ida men “asr bitimi” deb ataluvchi bitimni qoraladim, u xalqaro meyorlarni qo‘pol buzadi va butun musulmon dunyosiga qarshi jinoyatdir”, - deya yozgan u.

Checheniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ular musulmon mamlakatlaridagi mojarolar G‘arb mamlakatlari ishtirokida kuchaytirilayotgani haqida yakdil fikr bildirishgan.

"Asr bitimi" Tramp va Netanyaxuga, eng muhimi - Rossiyaga yordam beradi

Qodirovning ta’kidlashicha, ba’zi musulmon mamlakatlari xalqlari va rahbarlarining bir emasligi Yaqin Sharqdagi krizis o‘sishi uchun qulay zamin yaratmoqda.

Avvalroq Turkiya prezidenti Tayyib Erdog‘an ham AQSh rahbari Donald Tramp taklif qilgan “asr bitimini” “Isroilning Falastin yerlarini bosib olishini qonuniylashtirish” ekanini aytib, qoralagan edi.

AQSh ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan “asr bitimiga” ko‘ra, Quddus Isroilning ajralmas poytaxti bo‘lib qoladi. AQSh falastinliklar uchun elchixonasini Sharqiy Quddusda ochadi. Falastinliklar esa o‘z hududini 2 barobarga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Falastin yetakchisi Mahmud Abbos muzokaralarga rozi bo‘lsa, AQSh unga davlat tashkil etishda yordam beradi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos AQShning “asr kelishuviga” munosabat bildirib, Quddus sotilmasligi, kelishuv esa ilgari siljimasligini ma’lum qildi. Falastin xalqi esa ushbu kelishuvni “tarixning axlat qutisiga” uloqtirib yuboradi.