TOShKENT, 3 mar - Sputnik. Rossiyaning “Alfa-Bank” banki O‘zbekistonning “Asaka” banki uchun 100 million yevro miqdorida sindikatlashtirilgan kredit ajratdi, deb xabar beradi Rossiya banki matbuot xizmati.
“Mablag‘lar 12 va 18 oylik transhlar shaklida berildi. Investorlar tomonidan talab qarz oluvchining qarzga bo‘lgan ehtiyojidan sezilarli darajada oshdi va 135 million yevroga etdi”, - deyiladi xabarda.
“Alfa-bank” korporativ va investitsion biznesi direktori Andrey Chulakning so‘zlariga ko‘ra, debut bitimning muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi investorlarning O‘zbekiston bozorining yuqori sifatli qarz oluvchilariga bo‘lgan qiziqishini namoyish etadi.
“Jalb qilingan mablag‘lar “Asaka” bankiga kredit portfelini oshirish, yuqori sifatli chakana moliyaviy xizmatlarni ommalashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik sohalarini rivojlantirishga yordam beradi. Bitim yangi qarz olish uchun imkoniyatlarni ochib beradi”, - dedi "Asaka" banki raisi o‘rinbosari Boboxon Abdullayev.
Eslatib o‘tamiz, “Asaka” banki 1995-yilda tashkil etilgan. Bank filiallari respublika bo‘ylab joylashgan.