Baliq ozuqasi o‘rniga noyob maymunlar - Toshkent viloyatida aniqlangan holat

Fuqaro avtomashinasida baliq ozuqasi o‘rniga “Oqpanja gibbon” va “Yavana makkakasi” zotiga mansub maymunlarni olib o‘tmoqchi bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 2 mar – Sputnik. Toshkent viloyati bojxonachilari chegara orqali “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yavana makkakasi” zotiga mansub maymunlarni noqonuniy olib o‘tish holatini aniqladilar, deb xabar qildi bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatga o‘zining “Leksus RX 330” avtoulovida chiqib ketayotgan fuqaro Bobojonovning xatti-harakatlari bojxonachilar e’tiborini tortdi va ushbu fuqaro o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Baliq ozuqasi o‘rniga noyob maymunlar - Toshkent viloyatida aniqlangan holat

Natijada, avtomashinasida baliq ozuqalarini olib o‘tayotganligini ma’lum qilgan fuqaro, aslida umumiy qiymati 100 million so‘mlik  bir bosh “Oqpanja gibbon” va olti bosh “Yavana makakasi” turidagi maymunlarni olib chiqib ketayotganligi aniqlandi.

Baliq ozuqasi o‘rniga noyob maymunlar - Toshkent viloyatida aniqlangan holat

Hozirda Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan maymunlarning sog‘ligi veterinar-shifokorlar nazoratida bo‘lib, yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

"O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi 408-sonli Qonuni talablariga muvofiq, hayvonot dunyosi obyektlarini olib kirish va olib chiqish belgilangan tartibda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi", - deyilgan xabarda.