Yevropada AQSh rahbarligida NATOning Defender 2020 (“Himoyachi-2020”) ko‘p millatli harbiy mashqlari olib borilmoqda. Bular so‘nggi 25-yil ichida qit’adagi eng yirik mashqlardir. Ularda 37 ming askar qatnashadi, ulardan 20 ming nafari amerikaliklardir.
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Jahon siyosati fakulteti dekani, Xalqaro tashkilotlar va jahon siyosiy jarayonlari kafedrasi mudiri Andrey Sidorov “Rossiya segodnya” XAAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mashg‘ulotlar asosiy kontingenti okean ortidan kelayotgani yevropaliklarning mashqlarda qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir emasligidan dalolat beradi deb ta’kidlab o‘tdi.
Siyosatshunosning fikriga ko‘ra, bu AQSh prezidenti Donald Tramp uchun ittifoqdoshlardan birgalikda qabul qilingan rejalarning nafaqat harbiy xarajatlar doirasida, balki tezkor rejalashtirish sohasida ham jangovar tayyorgarligini oshirishni talab qilishga qo‘shimcha turtki bo‘ladi, deb yozadi Sputnik Gruziya.
“Bu yerda ko‘plab Yevropa davlatlari juda jiddiy tuzoqqa tushmoqdalar, chunki agar ularning sa’y-harakatlari va jangovar tayyorgarligi yetarli emasligini anglasalar, buning uchun qo‘shimcha yevro bilan javob berishga majbur bo‘ladilar”, - dedi Sidorov.
Avvalroq, Global xavfsizlikni o‘rganish milliy instituti ilmiy kengashi a’zosi, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining MGIMO qoshidagi Harbiy-siyosiy tadqiqotlar markazining yetakchi mutaxassisi Vladimir Kozin bunday ko‘lamdagi mashqlarni harbiy amaliyotlarga va hatto urushga jiddiy tayyorgarlik deb hisoblash mumkinligini aytgan edi.
Moskva bir necha bor Rossiya Shimoliy Atlantika alyansining biron bir mamlakatiga hujum qilmasligini ta’kidlagan. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, NATO Moskvaning bunday rejalari yo‘qligini yaxshi biladi, ammo shunchaki shu bahonadan Rossiya chegaralari yaqinida qo‘shimcha texnika va batalonlarni joylashtirish uchun foydalanadi.