SSV samolyotda koronavirus bilan gumon qilingan bemor haqida ma’lumot berdi

Seul – Toshkent yo‘nalishida samolyotda Qirg‘iziston fuqarosining salomatligi yomonlashganligi sababli samolyot Seul aeroportiga qaytarilgan.
Sputnik

TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Cog‘liqni saqlash vazirligi Seul – Toshkent reysida koronavirus yuqtirganlik bilan gumon qilingan bemorda infeksiya alomatlari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Olimlar koronavirusning manbai Xitoy emas deb hisoblashmoqda

Qayd etilishicha, 26-fevral kuni Seul – Toshkent yo‘nalishida poytaxtga uchgan samolyot bortida 1996-yilda tug‘ilgan, Qirg‘iziston fuqarosi B.T.ning salomatligi yomonlashganligi, unda insult alomatlari aniqlanganligi sababli samolyot Seul aeroportiga qaytarilgan.

Seul aeroportida bemor va uning farzandi hamda bir nafar fuqaro tushirib qoldirilib, B.T.dan koronavirus infeksiyasiga laboratoriya tahlillari olingan.

Shundan so‘ng, samolyot Seuldan Toshkentga jami 244 nafar yo‘lovchi, jumladan, ekipaj a’zolari bilan uchgan.

“Ma’lum bo‘lishicha, Seul shahrida qolgan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi B.T.dan koronavirus infeksiyasiga olingan laboratoriya tahlil natijalariga ko‘ra, unda koronavirus alomatlari aniqlanmagan”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Seuldan kelgan HY514 reysi yo‘lovchilari Toshkent aeroporti xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirilgani xabar qilingan edi.