TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Bostondagi Brigam ayollar shifoxonasining olimlari qon bosimini intensiv nazorat qilish orqali hayotni bir necha yilga uzaytirishi mumkinligini aniqladilar. Bu haqda EurekAlert portali xabar qildi. RIA Novosti xabariga asosan.
Tadqiqotda 50 yosh va undan katta bo‘lgan to‘qqiz mingdan ortiq odam qatnashdi, ularda sistolik qon bosimi 130 dan 180 millimetr simob ustuniga teng bo‘lgan.
Ko‘ngillilar ikki guruhga bo‘lindi, ularning har biri antigipertenziv terapiyani oldi.
Birinchi guruhda shifokorlar ishtirokchilarning bosimini 120 millimetr simob ustuni ko‘rsatkichida ushlab turishdi, ikkinchi guruhda - 140.
Tajriba natijasida olimlar xulosaga kelishdiki, doimiy bosim nazorati yordamida kishilarning umr ko‘rish muddatini yoshiga qarab, olti oydan uch yilgacha oshirishga erishish mumkin.
Tadqiqot mualliflari bosim ko‘rsatkichlarini hayotning oxirigacha kuzatib borish, shuningdek boshqa jiddiy kasalliklar bo‘lmagan holatlarda ijobiy natijalarga erishish mumkin deya aniqlik kiritdilar.