TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Navoiy kon-metallurgiya kombinati zamonaviy kompaniyaga aylantiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev korxonani isloh qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda shu boradagi reja va chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy tuzilmasini takomillashtirish, korporativ oshkoralikni tatbiq etish, hisob-kitoblarni xalqaro standartlarga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
“2026 yilga qadar korxonada ishlab chiqarish hajmini 94 tonnaga yetkazish, buning uchun 4 milliard dollarlik 40 ta loyihani amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi. Jumladan, loyiha qiymati 525 million dollar bo‘lgan yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, kombinatning bugungi kundagi 3,7 ming tonna oltin zaxirasi xalqaro standartlar asosida baholanib, korxona balansida aks ettirilishi zarurligi belgilandi.
Davlat geologiya qo‘mitasi va Moliya vazirligiga zaxiralarni baholash ishlari hamda moliyaviy hisobotlarni xalqaro meyorlarga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Konlar zaxirasi va kamayishi to‘g‘risidagi hisobotlar, qazib olish loyihalari bo‘yicha ma’lumotlarni Avstraliya kodeksi (JORC Code) asosida tayyorlash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining korporativ yevroobligatsiyalarini chiqarish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.