TOShKENT, 25 fev – Sputnik. Ayni damda to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, endilikda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazish tartibi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanadi.
Joriy yilning 24-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibiga rioya etmaslik uchun javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilgan.
Unda to‘y va marosimlarni o‘kazish tarbini buzganlik uchun javobgarlikning MJTKning 192-1 yangi moddasiga kiritilishi taklif etilmoqda.
Belgilanayotgan tartibga rioya etmagan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari, to‘yxona, kafe va restoranlar egalariga o‘ttiz baravari miqdorida jarima solinadi.
Ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida yana takrorlansa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solinadi.
Hozirda siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan ma’qullangan ushbu qonun loyihasi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida qayta ko‘rib chiqiladi.