Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimini tanqid qildi

Qayd etilishicha, mamlakatda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelmoqda. Mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘nikmasini oshirishga e’tibor qaratilmayapti.
Sputnik

TOShKENT, 25 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishda sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelmoqda. Mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘nikmasini oshirishga e’tibor qaratilmayapti. Ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa o‘rtasida vertikal tizim shakllanmagan.

Davolanish uchun order berish tizimida ijtimoiy adolat ta’minlanmayotgani, bu jarayonda faqat davlat muassasalari ishtirok etishi raqobatni cheklayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois order berish tizimini takomillashtirish va ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimi tanqidiy tahlil etildi. 20-30 foiz mablag‘ samarasiz sarflanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekistonda birlamchi tibbiy-sanitariya uchun ajratilayotgan mablag‘ ulushi 35-40 foizni tashkil etadi. Xorijda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi.

Davlat va xususiy tibbiyot uchun teng shart-sharoit, raqobat muhiti yaratilmagan. Moliyalashtirishda elektron tizimning yo‘qligi mablag‘lar unumdorligini tahlil qilish imkonini bermayapti.

O‘zbekiston va JSST hamkorlik kelishuvini imzoladi

Sohani moliyalashtirishni takomillashtirish, majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlar qabul qilib, uni bosqichma-bosqich joriy etish muhimligi aytildi.

Ta’kidlanishicha, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, faqat 12 ta oliy ta’lim muassasasi uzluksiz kasbiy malaka oshirish huquqiga ega. Hozirda 50 foiz shifokor malaka oshirish bilan qamrab olinmagan.

Shu bois mazkur tizimni qayta ko‘rib chiqib, bu boradagi qamrovni kengaytirish, malaka oshirish kurslarini Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida tashkil etib, mutaxassislarga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.