Ikkinchi jahon urushi haqida so‘z borganda kishining beixtiyor chuqur o‘yga tolishi, ko‘z o‘ngida vatan uchun jonini tikkan mard va jasur askarlar, qonli jang maydonlari gavdalanadi. Jumladan, urush voqealarining dahshatli sasi va bu tarixga guvoh bo‘lgan keksalarning hikoyalari chalinadi qulog‘imiz ostida.
Shu damlarda esa, albatta, bugungi tinch va osuda hayotimiz uchun yaratganga shukronalar aytib, tinchlik deb atalmish ne’matning qadriga yetish kerakligini his qilamiz. Shukronalik hissini tuyish, osuda tunda xotirjam ko‘z yumib, nurafshon tongni ozodlikda qarshi olishimiz uchun O‘zbekistonning minglab fidoiy o‘g‘lonlari o‘z jonini fido qilgan. Ular orasida tinchlik ne’matidan bahramand bo‘lish baxti nasib etgan faxriylarimiz esa bugun oramizda, qarilik gashtini surib, tarix xotiralaridan bizga o‘rnak bo‘larli hikoyalar so‘zlab kelishmoqda. Ulardan biri esa — iste’fodagi general-mayor Abdullajon Artikbayevdir. Quyida uning mashaqqatli, ammo o‘rnak bo‘lishga arzirli hayot yo‘liga to‘xtalmoqchimiz.
Sputnik muxbiri u bilan suhbatlashish maqsadida uning xonadonida bo‘ldi. Oila a’zolarining aytishicha, qahramonimiz o‘z uyida yiqilib, oyog‘i jarohatlanganligi bois to‘shakda yotgan ekan. Boshidan o‘tganlarini gapirib berarkan, otaxon beixtiyor ko‘zlariga yosh oldi...
Abdullajon Artikbayev 1925-yilda hunarmandlar oilasida tug‘ilib, uning bolaligi va yoshligi Konibodomda o‘tgan. O‘zining eslashi bo‘yicha, u tug‘ilgan oila juda katta bo‘lgan. Oilada hamma, opa-singlisi, aka-ukalari mehnatkash bo‘lishgan. Ikkinchi jahon urushi boshlanganida esa u 17 yoshda bo‘lib, harbiy xizmatni Turkiston harbiy okrugining Qizil bayroqli 368-Samarqand polkidan boshlab, keyinchalik Toshkent harbiy bilim yurtiga o‘qishga yuborilgan.
“Urush boshlanganda frontga askarlar yetishmagan. Men 42-chi yilning oktabrida voyenkomatga chaqirildim. Voyenkomatlarga juda og‘ir — frontga soldatlarni yetkazish vazifasi yuklatilgan edi. Men chaqirilgan mahalda o‘qiyotgan talaba bo‘lganman. Front ma’lumotidan qat’iy nazar, jangovar askarlarni talab qilgan. Men uchta urushni boshimdan kechirganman. 17 yoshimda juda baquvvat edim, barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tardim. Kross yugurishdan xech kimdan qolib ketmasdim, marsh-brosok, strelba (o‘q otish) da, barcha normalarni bajarar edim, frontga tezroq tayyorlanishim kerak edi va shunday tayyorgarlik bilan frontga ketdim. O‘shanda juda og‘ir vaziyat bo‘lgan”, – deya eslaydi u o‘zining frontga ketishi bilan bog‘liq xotiralarni.
Abdullajon Artikbayev 1945-yil 22-fevralda bilim yurtini tugatgach, yosh bitiruvchilarni Termizdagi 15-zaxira zobitlardan iborat bo‘lgan alohida polkka kiritishgan. Ularni shu joyning o‘zidan frontga jo‘natishgan. Qahramonimiz hozirgi Ukrainaning Lvov, Mukachevo nomli hududlarda vzvod komandiri sifatida qo‘poruvchi-bosqinchi to‘dalarga qarshi jangovar amaliyotlarda ishtirok etgan.
“6 yoshdan ta’lim olganligim va ma’lumotim o‘rta bo‘lganligi, men tushgan bo‘linmaga komandir kerak bo‘lganligi sababli, meni shu lavozimga tayinlashdi. Holat juda og‘ir bo‘lgan. Urushda yangi soldatlarga talab juda katta bo‘lgan. 1-2-chi yillarda juda ko‘p yoshlar halok bo‘ldi. Janglardan birida men ham yarador bo‘ldim. Ozgina yotib davolandim”, – deya so‘zlaydi faxriyimiz.
Abdullajon Artikbayevga ko‘ra, bu urushda juda ko‘p — 70 millionga yaqin inson qurbon bo‘lib, g‘alaba ana shu katta qurbonlik hisobiga erishilgan. Uzoq vaqt davom etgan Ikkinchi jahon urushi qisqa qilib aytganda butun dunyo uchun juda katta yo‘qotish bo‘lgan. 4-yil ichida juda ko‘p qon to‘kilgan, vayrongarchiliklar, qiyinchiliklar bo‘lgan. Artikbayev 1945-yilning 27-fevralidan 20-mayigacha 3 oy mobaynida Ujgorod (Ukraina) hududlarida fashistlar bilan jang olib borgan.
“Erishilgan g‘alaba juda buyuk g‘alaba bo‘lgan. Biz hammamiz bir Vatan uchun harakat qilganmiz, hammamizni orqamizda oilalarimiz, ota-onalarimiz, opa-singil, ukalarimiz qolgan. Sovet halqining 24 milllion aholisi qurbon bo‘ldi, butun dunyoni fashizmdan halos qilish uchun... Front ortida qolganlar faqat g‘alaba uchun juda katta shijoat bilan fidokorona mehnat qilishgan. Urushda intelligensiya oilalaridan ishchi oilalaridan chiqqan yigitlarning orasida katta farq bo‘lgan. Intelligensiyadan chiqqan yigitlar tabiatan nozik, og‘ir mehnatga layoqatsizroq, oddiy ishchi oilalaridan chiqqanlari esa juda ishchan, chiniqqan edi. Urushda asosiy chaqirig‘imiz “Vatan uchun” so‘zlari bo‘lgan”, – deya eslaydi u.
Urush tugagach, harbiy xizmatni davom ettirish uchun Artikbayev qayta Termiz shahriga jo‘natilgan. Bu yerda Tojikiston chegara okrugi shtati zobitlari tomonidan urushdan qaytgan 12 nafar ofitser chegara qo‘shinlarida xizmat qilishi uchun ajratib olinib, ular orasida Abdullajon Artikbayev ham bo‘lgan.
1945 yilning may oyi oxirlarida u va xizmatdoshlari Stalinobodga, ya’ni hozirgi Dushanbe shahriga olib kelingan. Buyruq bilan u Kirovobodda (bugungi Panj) joylashgan chegara otradining chegara zastavasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Keyinchalik Abdullajon Artikbayev Qizil bayroqli O‘rta Osiyo chegara qo‘shinlari otradida sidqidildan xizmat qilib, kichik leytenant unvoniga, chegara zastavasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimidan general-mayor unvoniga, undan O‘rta Osiyo chegara qo‘shinlari otradi qo‘mondoni o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgan. O‘sha paytlarda uning Tojikistonning jo‘g‘rofiy jihatdan noqulay bo‘lgan hududidagi chegara zastavasidagi xizmati yengil kechmagan. Ish va yashash sharoitlarining og‘irligi, ichki tartibida intizomning pastligi, tog‘ning eng baland cho‘qqilarida kislorod tanqisligi, meva va sabzavotlarlarning yo‘qligi kabi sharoitlarga duch kelishgan. Kamiga yosh askar va zobitlar zangila (singa) kasalligiga chalinishgan. Hududda chegara punktlari o‘rtasida aloqani ta’minlash uchun kabutarlar va signal raketalardan foydalanilgan.
Abdullajon Artikbayev o‘sha paytdagi harbiy xizmat sharoitlarini yaxshilab, zastava faollarini jipslashtirgan, shaxsiy tarkib boshqaruvini yo‘lga qo‘yib, sekin-asta oziq-ovqat, transport ta’minotini tartibga keltirgan.
So‘ng o‘z ustida ishlab, bir necha oliy o‘quv yurtini tamomlagan. Natijada qilgan mehnatlari zoe ketmay, egallagan chuqur bilimlari va boy tajribasi orqali u 1970-yilda general-mayor unvoniga sazovor bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay zastava ilg‘orlar safiga ko‘tarilgan.
Artikbayev uchun eng og‘ir davr 1979-1989 yillardagi Afg‘on urushi bilan bog‘liq yillar bo‘lgan. U qizining to‘yi bo‘layotgan kunda urush boshlanib, Afg‘onistonga olib ketilgan. Qahramonimizga o‘ta og‘ir va mas’uliyatli vazifalar topshirilganligiga qaramay, u barchasini benuqson bajarib, muvaffaqiyat qozongan.
70 yildan oshiq vaqt davomida u bilan qo‘shqanot bo‘lib, turmushi davomida urush davridagi mashaqqatlarga guvoh bo‘lgan Shahzoda ayaning so‘zlab berishicha, general-mayor Artikbayev xizmati davomida 20 marotaba lavozimga ko‘tarilgan. Lavozimining tez-tez oshishi natijasida uning oilasi bilan bir hududdan ikkinchi hududga joylashishiga to‘g‘ri kelgan.
A.Artikbayev sazovor bo‘lgan bir uyum orden va medallar boshqa mukofotlarini hisobga olmaganda 60 dan oshiq ekan.
Mana bunisi (ko‘rsatapti) Mo‘g‘ilistonda berilgan, mug‘ulcha yozuvlari bilan, deydi Shahzoda aya turmush o‘rtog‘ining medallarini ehtiyotkorlik bilan qo‘liga olib, faxr bilan: "Aslida qaxramonliklari juda ko‘p. Ayrimlarini qaysi xizmati uchun berilganini bilmayman. Chunki undagi yozuvlar xorijiy tilda. Orden medallari ko‘pligidan sog‘ligi zaiflashganligi sababli, ularni bir o‘zlari ko‘tarolmaydilar, shuning uchun hamma orden medallarini kostumiga ilmaymiz", deydi aya.
Artikbayev o‘z ibratli xizmati uchun “Davlat xavfsizligining faxriy xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari u O‘rta Osiyo respublikalari Oliy Sovetlari Prezidiumlari faxriy yorliqlari bilan ham taqdirlangan.
Hatto O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng ham uning tajribasiga tayanilgan. U konsultantlar guruhi rahbari, keyinchalik mamlakat Milliy xavfsizlik xizmatida maslahatchi bo‘lgan.
A.Artikbayev iste’foga chiqqach ham, faol jamoatchi sifatida ish olib bormoqda. Bugun u O‘zbekiston chegara o‘shinlari faxriylari Assotsiatsiyasining boshqaruvchi a’zosi, Faxriylar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi hamdir.
Suhbatimiz tarix bilan bog‘liqligi bois, juda qiziqarli bo‘lib, to‘xtashini istamas edik. Ammo turmush o‘rtog‘i urinib qolmasligi uchun Shahzoda aya suhbatni yakunlashimizni iltimos qildilar. Shu bois qahramonimiz va uning ahil oilasi bilan samimiy xayrlashib, ortga qaytdik. Ko‘nglimizda esa yana bir bor tinchlik ne’matini his etib, oramizda O‘zbekistonning ana shunday o‘rnak olarli jasoratli insoni borligidan faxrlandik.