TOShKENT, 22 fev - Sputnik. 2019 yilda jinoyatlar soni Buxoro, Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yuqoriligicha qolgan. Bu haqda 22 fevral kuni Bosh prokuraturada o‘tkazilgan Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida aytib o‘tildi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura axborot xizmati.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida birgina 2019-yilda umumiy jinoyatlar qariyb 3 mingtaga yoki 6 %ga kamayib, O‘zbekistonda kriminogen vaziyat barqarorligi saqlangan. Mavjud 9116 ta mahalladan 3074 tasi yoki har uchinchisida jinoyat qayd etilmagan.
Qotillik jinoyati Toshkent, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida, og‘ir shikast yetkazish Qashqadaryoda, nomusga tegish Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryoda, bosqinchilik Sirdaryo, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida sezilarli oshgan.
Profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida 51 ta tuman va shaharlarda qotillik jinoyati ko‘paygan.
Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ilgari sudlangan shaxslar tomonidan, Navoiy, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida mast holda jinoyat sodir etish holatlari ko‘paygan.
Misol uchun, Yunusobod tumanida ma’muriy nazoratda bo‘lgan K. spirtli ichimlikka ruju qo‘yib, 4 yoshli qizini 4 - qavatdan pastga tashlab yuborib, qotilikka qo‘l urgan.
Huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda davlat boshqaruv idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida o‘tgan yilda mamlakatdagi qariyb 67 % mahallalarda jinoyat sodir etilgan, 1797 tasida jinoyatlar oshgan.
Yig‘ilishda kriminogen vaziyati og‘ir va aholi soni ko‘p mahallalarga huquqiy sohada yetarli bilim va tajribaga ega xodimlarni profilaktika inspektori lavozimiga tayinlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.