TOShKENT, 22 fev - Sputnik. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi 27 yoshli italiyalik Geno Djordjo (Gheno Giorgio) o‘limi yuzasidan izoh berdi. Italiyalik fuqaroning jasadi vaqtinchalik propiska asosida istiqomat qilgan xonadondan topilgan.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin mahalliy OAVlarda italiyalik sayyoh Geno Djordjo jasadi o‘zi istiqomat qilgan xonadonda topilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida kirish eshigi buzilmaganligi, xonalarda buyumlar o‘z joylarida turganligi, marhum tanasida zo‘ravonlik izlari topilmagani aniqlangan.
Toshkent shahar IIBB hozirgi vaqtda ushbu fakt bo‘yicha Mirobod tumani IIO FMB tomonidan surishtiruv olib borilayotganini xabar qilgan.
Toshkent shahar IIBB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Geno Djordjo sayyoh sifatida Toshkentga joriy yilning 9-fevral kuni yetib kelgan va 10-fevral kuni onlayn-xizmatlar orqali Italiya Elchixonasi vakili orqali Mirobod tumanida 30 kunga ijaraga olgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tgan.
Geno Djordjo 10-fevral kunidan aloqaga chiqmagach, uning qarindoshlari elchixonaga murojaat qilganlar. Elchixona vakillari 16-fevral kuni Geno Djordjo istiqomat qilgan xonadonga kelganlarida eshik qo‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermaganidan so‘ng, ular xonadon egasi B.F.ni chaqirganlar. Birgalikda xonadonga kirishganida jasad topilgan.
Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining ma’lumotnomasiga ko‘ra, Geno Djordjo uning jasadi topilganidan bir necha kun ilgari hayotdan ko‘z yumgan. O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibiy ekspertiza tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Geno Djordjo Toshkent shahriga joriy yilning 9-fevral kuni Malayziyadan uchib kelgan.
So‘rov davomida xonadon egasining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 10-fevral kuni yigit unga mazasi bo‘lmayotganligini aytgan, ammo shundan so‘ng ular aloqaga chiqishmagan.
Qo‘shnilarning aytishlaricha, ular B.F.ning xonadonida kimdir yashashini bilishmagan, chunki na shovqinni va na kimdir kirib-chiqqanini ko‘rmaganlar.
Italiya fuqarosining o‘limi fakti bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.