O‘zbekiston-Turkiya: qanday muhim hujjatlar imzolandi

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalar tarixida yangi sahifa ochdi.
Sputnik

 

TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Anqara shahrida Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi natijalari to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Shuningdek, iqtisodiyot, savdo, texnologiyalar sohasiga oid hujjatlar imzolandi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalar tarixida yangi sahifa ochdi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, madaniy-gumanitar sohalarga oid ko‘plab masalalar atroflicha muhokama qilindi.

“Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muloqotimizning markaziy mavzularidan biri bo‘ldi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qiymati bir milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi loyihalar ishlab chiqilmoqda,” – dedi Mirziyoyev.

Aksariyat mintaqaviy va xalqaro muammolar borasida, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi hamkorlikka yondashuvlar mushtarak ekani ta’kidlandi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ham muloqotni kuchaytirish lozimligi aytildi. 

O‘zbekiston-Turkiya: qanday muhim hujjatlar imzolandi

Rejep Tayyip Erdog‘an Turkiya va O‘zbekistonning qo‘shma loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda besh milliard dollarga yetkazishga qaratilgan ustuvor vazifalar turibdi. 2019-yilda bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshdi.

Muzokaralarda mamlakatlar hamkorligiga oid barcha masalalar va ularning yechimlari, istiqboldagi asosiy vazifalar hamda qo‘shma loyihalar kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish uchun Rejep Tayyip Erdog‘anni O‘zbekistonga taklif qildi.

Rasmiy tadbirlar yakuniga yetgach, Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva sharafiga Rejep Tayyip Erdog‘an va uning rafiqasi Emina xonim tomonidan qabul marosimi tashkil etildi. Ular birgalikda suratga tushib, samimiy suhbatlashdi. Tadbirda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a’zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi.

O‘zbekiston-Turkiya: qanday muhim hujjatlar imzolandi