Qozog‘istonda qurollangan askar harbiy qismdan qochib ketdi

O‘q-dori saqlash xonasida ma’lum miqdordagi o‘qotar qurol yetishmasligi aniqlangan. Jumladan, 30 dona AK-74, 27 dona 9 mm Makarov to‘pponchasi, AK o‘qlari (420 dona).
Sputnik

TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Qozog‘istonning Chimkent shahri yaqinidagi harbiy qismdan askar qurol bilan qochib ketdi. Politsiya uni qidirmoqda. Bu haqda Sputnik Qozog‘iston nashri xabar qilmoqda.

Mamlakat mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Chimkent shahri yaqinidagi havo hujumiga qarshi harbiy qismlarning biridan shartnoma asosida xizmat qilayotgan kichik serjant o‘zboshimchalik bilan qismni tark etgan. O‘q-dori saqlash xonasida ma’lum miqdordagi o‘qotar qurol yetishmasligi aniqlangan.

Huquq-tartibot organlari va harbiy politsiya harbiy xizmatchi qo‘lga olish va yo‘qolgan qurollarni qidirishga oid barcha zaruriy tezkor-tadbirlarni o‘tkazmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qism navbatchisining yordamchisi jangovar navbatchilik vaqtida soat 4da qurol o‘g‘irlagani haqida xabarlar tarqaldi. Matnda “Perexvat” rejasi haqida gap bormoqda.

Aytilishicha, 30 dona AK-74, 27 dona 9 mm Makarov to‘pponchasi, AK o‘qlari (420 dona), Makarov pistoleti o‘qlari (48 dona), travmatik to‘pponcha (bir dona, 24 dona o‘q) o‘g‘irlangan.