Vazirlik qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirishda kuzatilayotgan qalbakilashtirishdan ogohlantirdi

Qayd etilishicha, vazirlikning Hududiy ishchi guruhlariga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirilayotganligi aniqlanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qo‘shni davlatlar OTMda o‘qiganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni qalbakilashtirish holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, vazirlikning Hududiy ishchi guruhlariga fuqarolar tomonidan qalbaki (soxta, yasama) hujjatlar topshirilayotganligi aniqlanmoqda.

Qozog‘iston ta’lim vazirligi o‘zbek talabalarining ommaviy ketishi yuzasidan izoh berdi

“O‘qishini qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan ko‘chirish to‘g‘risida ariza topshirgan fuqarolarning hujjatlari to‘liq tekshiriladi va qalbaki hujjatlar aniqlangan taqdirda talabalikka qabul qilinmaydi hamda hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etiladi”, - deyilgan xabarda.

Vazirlik qo‘shni davlatlarda qalbaki hujjat qilib berishni taklif etayotgan tamagir va firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fevral oyining boshida qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘z fuqarolariga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishini mamlakatga ko‘chirish imkonini bergan edi. Murojaatlar soni ko‘pligi sabab hujjat qabul qilish 15 martga qadar uzaytirilgan.