TOShKENT, 19 fev — Sputnik. 2020 yilning 19-fevral kuni Toshkentda “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terroristik tashkilotiga aloqador bo‘lgan bir guruh tarafdorlari va a’zolarining faoliyatiga chek qo‘yildi.
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, mazkur shaxslar hozirda Suriyada xalqaro terroristik tashkiloti TJK safida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston fuqarosi A.Sh.ning g‘oyaviy ta’siriga tushib qolishgan. Uning jinoiy faoliyatiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida moddiy tomondan yordam ko‘rsatib, TJK tarkibiga borib qo‘shilishni rejalashtirib kelganlar.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155.2-moddasi 1-qismiga (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida poytaxtdagi 18 ta manzilda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 21 nafar shaxslar qo‘lga olindi.
Ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
“Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so‘raymiz”, - deyilgan xabar so‘nggida.