Navbat Xorazmga: IIV rahbari birdaniga 10 nafar xodimni lavozimidan ozod qildi

IIV rahbari Po‘lat Bobojonov Xorazmdagi yig‘ilishda o‘z xizmat vazifalarni bajarishda mas’uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qator boshliqlarni ishdan bo‘shatdi.
Sputnik

TOShKENT, 19 fev — Sputnik. O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Xorazm viloyatida IIV faoliyatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi va bir necha rahbarlarni egallab turgan lavozimidan ozod qildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, xodimlar o‘z xizmat vazifalarni bajarishda mas’uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun ishdan bo‘shatilgan.

Po‘lat Bobojonov Qoraqalpog‘iston IIV bo‘lim boshliqlarini ishdan oldi

Viloyat IIB Harbiy safarbarlik bo‘limi boshlig‘i R.Xodjiyev, Ekspert-kriminalistika bo‘limi boshlig‘i Q.O‘rinov, Xiva tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari D.Madrahimov va Hazorasp tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i A.Yusupov va yana 6 nafar profilaktika inspektorlari egallab turgan lavozimlaridan ozod qilingan. Shuningdek, bir qator xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Xabarda yozilishicha, 2019-yil yakuniga ko‘ra Xorazm viloyatida sodir etilgan jinoyatlar soni 2,1 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 0,2 foizga, shu jumladan qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘irlik, transport vositalari olib qochish va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamaygan.

Viloyatning 51 foiz mahallasida jinoyatlar sodir etilmadi, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Po‘lat Bobojonov Buxoro va Qoraqalpog‘istondagi kengaytirilgan yig‘ilishlarda xizmat vazifalarni bajarishda mas’uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun qator boshliqlarni ishdan olgan edi.