Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari interaktiv tarzda konsullik ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin

Endilikda xorijda doimiy yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar interaktiv konsullik xizmatlari orqali doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin
Sputnik

TOShKENT, 14 fev — Sputnik. O‘zbekistonning xorijda bo‘lib turgan fuqarolariga elektron tarzda doimiy yoki vaqtinchalik konsullik ro‘yxatidan o‘tish imkoni yaratildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Konsullik ro‘yxatida turuvchilarga biometrik pasport berish tartibi belgilandi

Ta’kidlanishicha, endilikda xorijda doimiy yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar interaktiv konsullik xizmatlari orqali doimiy yoki vaqtincha konsullik ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin. Fuqarolar "www.consulate.mfa.uz" veb-portali orqali konsullik ro‘yxatidan o‘tadilar.

Bunda, konsullik ro‘yxatidan o‘tish uchun kerak bo‘lgan hujjatlarning “PDF” formatda skaner qilingan nusxalari "www.consulate.mfa.uz" veb-portali orqali joylashtiriladi.

Hujjatlar taqdim etilgan vaqtning o‘zida konsullik xodimi portal orqali ro‘yxatga olingan shaxslarning elektron pochta manziliga konsullik ro‘yxatiga olinganliklari to‘g‘risidagi tegishli xabarnomani jo‘natadi.

Buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.