Ichida 39 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan ikki avtobus Qozog‘istonda buzilib qoldi

Samara-Chimkent yo‘nalishida noqulay ob-havo sharoiti tufayli buzilib qolgan avtobus ichida 20 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Pavlodar viloyatida ham ichida 19 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchilar bo‘lgan mikroavtobus buzilib qolgan.
Sputnik

TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Joriy yilning 11-fevral kuni Samara-Chimkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan va yo‘lovchilari orasida 20 nafar O‘zbekistonlik fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqtobe viloyati hududida buzilib qolgan.

TIV xabariga ko‘ra, nosozlikning kelib chiqishiga sovuq ob-havo sharoitida avtobus yonilg‘isining muzlab qolganligi sabab bo‘lgan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan.

Transport vazirligi Qozog‘iston orqali harakatlanadigan haydovchilarni ogohlantirdi

Shuningdek, joriy yilning 12-fevral kuni Qizil-O‘rda-Pavlodar trassasida, Pavlodar viloyati hududida ichida 19 nafar o‘zbekistonlik yo‘lovchilar bo‘lgan mikroavtobus buzilib, to‘xtab qolgan. Ushbu holatda ham hech kim jabr ko‘rmagan.

Qozog‘iston yo‘l politsiyasi va favqulodda vaziyatlar organlari xodimlarining tezkor yordami bilan transort vositalari  ta’mirlanib, o‘z yo‘nalishda davom etgan.

TIV O‘zbekiston fuqarolarini qishda avtomobil transportining boshqa turlari orqali Qozog‘istonga kirish yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralarni ko‘rishga chaqirgan.