Termizda maktabning 451 mln so‘mini talon-taroj qilgan hisobchi ushlandi

Sobiq hisobchi maktabda umuman ishlamagan 11 nafar fuqarolar nomiga bank plastik kartalarini ochib, ularga pul mablag‘larini o‘tkazgan.
Sputnik

TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Termiz shahrida maktabning budjet mablag‘larini talon-taroj qilgan sobiq hisobchi ushlandi.

Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, idoraning Surxondaryo viloyat boshqarmasi Termiz shahridagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2018-2019 yillarda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini o‘rgangan.

Moliya vazirligi O‘zbekistonda budjet pullarini o‘marganlarni fosh qildi

Aniqlanishicha, Termiz shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq hisobchisi N.Sh. maktabda umuman ishlamagan 11 nafar fuqarolar nomiga  bank plastik kartalarini ochib, ularga pul mablag‘larini o‘tkazgan.

To‘lov qaydnomalariga esa soxta imzolar qo‘yish orqali jami 451,2 mln. so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Shuningdek, tekshiruv davomida N.Sh.dan 100 mln. so‘m pul mablag‘lari ixtiyoriy ravishda undirilgan.

Mazkur holat yuzasidan N.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.