Sankt-Peterburgda O‘zbekiston fuqarosiga 4 nafar bezori hujum qildi

25 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Polejayevsk parkidan qaytayotganida 4 kishining hujumiga uchragan, ulardan biri noma’lum quroldan foydalanib, uning bosh qismiga otgan.
Sputnik

TOShKENT, 12 fev – Sputnik. 25 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Polejayevsk parkidan qaytayotganida 4 kishining hujumiga uchragan, ulardan biri noma’lum quroldan foydalanib, uning bosh qismiga otgan. Holat yuzasidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Chelyabinskdagi YTHda o‘zbekistonlik ayol qurbon bo‘ldi

Qayd etilishicha, holat 7-fevral kuni kech soat 21:30 da sodir bo‘lgan. Do‘konda yordamchi ishchi sifatida ishlovchi 25 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Sankt-Peterburgning Polejayevsk parkidan qaytayotganida uni to‘rt kishi to‘xtatib, ismini so‘ragan va ulardan biri noma’lum quroldan foydalanib, uning bosh qismiga otgan.

Yarador bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi u yerdan qochgan va uyiga yetib kelib, tez yordam chaqirgan.

Holat bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi hamda O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsulligi hamkorligida Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan tezkor aloqa o‘rnatilgan.

1994 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi S.N ga Sankt-Peterburg shahridagi 26-sonli kasalxona shifokorlari tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Uning hayoti xavf ostida emasligi sababli 8-fevral kuni uyiga ruxsat berilgan.

Hozirda O‘zbekiston fuqarosiga hujum qilganlarning 3 nafari ushlangan va ularga nisbatan Rossiya Federatsiyasi JKning 111-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni damda holat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan nazoratga olinib, fuqaroga zarur huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.