TOShKENT, 12 fev - Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya bilan SNV-3 (SXQ Strategik hujum qurollari - Tahr.) shartnomasini uzaytirish shartlarini yopiq eshiklar ortida muhokama qilishni afzal ko‘radi. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tez orada bu borada muzokaralar o‘tkazilishiga umid qilmoqda.
"Biz ommaviy axborot maydonida emas, balki Rossiya hukumati va Vladimir Putin bilan muzokaralar olib boramiz. Biz yaqin orada rossiyalik hamkasblarimiz bilan muzokaralar stoliga o‘tiramiz va ushbu muhim masalalarni muhokama qilamiz”, - dedi u Vashingtondagi Atlantika kengashida ushbu shartnomani uzaytirishning mumkin bo‘lgan shartlari to‘g‘risida savolga javob berayotib. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.