QQS to‘lash muddatini uzaytirish tartibi belgilandi

Davlat bojxona xizmati organi QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi qarorni 5 ish kunida qabul qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Hukumatning 76-sonli qarori bilan Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini uzaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-oktabrga qadar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda QQS to‘lovchilar uchun QQSni to‘lash muddatini uzaytirish jarayoni avtomatlashtiriladi.

Yagona soliq to‘lovi o‘rniga aylanmadan olinadigan soliq kiritildi

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun soliq to‘lovchi davlat bojxona xizmati organiga ariza va QQS to‘lanishi ta’minlanishini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi.

Davlat bojxona xizmati organi QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi qarorni 5 ish kunida qabul qiladi.

Muddatni uzaytirish imkoniyati berilishi rad etilganda soliq to‘lovchi 1 ish kuni ichida rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi.

To‘lov muddatini uzaytirish imkoni berilganda, uning summasi va tugash muddati ko‘rsatiladi.