Toshkentdagi “Ilhom” teatri yopilishi mumkin

Toshkentda “Ilhom” teatri yopilishi mumkin. 7-fevral kuni teatr jamoasi "OFELOS PLAZA" MJChdan binoni bo‘shatib qo‘yish to‘g‘risida xat oldi.
Sputnik

TOShKENT, 10 fev – Sputnik. Toshkentda “Ilhom” teatri yopilishi mumkin. Bu haqda teatrning Telegram-kanalida xabar yozilgan.

O‘zbekiston “Ilhom” teatri asoschisi Mark Vaylning qotilini vaqtincha Tojikistonga topshirdi

Ta’kidlanishicha, 7-fevral kuni teatr “Shodlik” mehmonxonasi yangi egasi "OFELOS PLAZA" MJChdan binoni bo‘shatib qo‘yish haqida xat oldi.

Teatr joyi 1976-yilda teatr asoschisi Mark Vaylga berilgan. 1994-yilda xususiylashtirishdan so‘ng u teatrdan beg‘araz asosda foydalangan. “Shodlik” mehmonxonasining avvalgi rahbari bilan 2023-yilgacha ijara shartnomasi tuzilgan.

Teatr binosida ushbu masala yuzasidan 12-fevral kuni matbuot anjumani o‘tkazish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Mark Vayl 2007-yil 6-sentabrda o‘ldirilgandi. Unga uyining pod’ezdida hujum qilingan. Og‘ir tan jarohatlarini olgan 55 yoshli Mark Vayl shifoxonada vafot etgan.

2010 yil 17-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yoqub G‘afurovni O‘zbekiston hududida bir qator jinoyatlarni sodir etgani uchun 20-yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan edi. Jumladan, Yoqub G‘afurov sheriklari Alisher Sattorov va Qahramon Po‘latov bilan “Ilhom” teatri asoschisi Mark Vaylning o‘limida aybdor deb topilgandi.

O‘tgan yil aprel oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Tojikiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bo‘yicha mahkum Yoqub G‘afurovni (Tojikiston fuqarosi, 1973-yilda tug‘ilgan) qo‘shni davlat vakolatli organlari qo‘liga topshirgandi.