Yo‘ldoshev o‘tgan yilda necha nafar prokuratura xodimiga jiddiy choralar ko‘rilganini aytdi

Bosh prokuror prokuratura tizimidagi 180 nafarga yaqin rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilgan yoki intizomiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Sputnik

TOShKENT, 9 fev — Sputnik.  Prokuratura tizimidagi 180 nafarga yaqin rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilgan yoki intizomiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro burosi xodimlari ishtirokida kengaytirilgan hay’at majlisida ma’lum qildi.

Budjetga 1,4 trln so‘mga yaqin mablag‘ qo‘shimcha hisoblangan – Bosh prokuratura

Bosh prokuror o‘z chiqishidagi asosiy e’tiborni prokuratura organlarining 2019-yildagi faoliyatida qo‘yilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar hamda ularni tezkor ravishda bartaraf etish choralariga qaratdi.

Ta’kidlanishicha, tizimdagi aksariyat rahbarlar ishni rejalashtirishni bilmasligi oqibatida yillar davomida professional faoliyat qolib ketib, vaqti va kuchini behuda sarflashga odatlanib qolgan.

“Ana shunday kayfiyatda yurgan 180 nafarga yaqin rahbar va xodimlar lavozimidan ozod etilgan yoki boshqa intizomiy javobgarlikka tortilgan”, - dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma’lum qilinishicha, ularning aybi bilan asosiy yo‘nalish – qonunlar ijrosi ustidan nazorat qoniqarsiz ahvolga tushib qolgan, oddiy odamlarni qiynab kelayotgan ko‘plab muammo va tizimli  kamchiliklarga e’tibor qaratilmagan.