Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Qur’onga qarshi chiqqan blogerga javob qaytardi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Qur’oni karimning ayrim oyatlarini taqiqlash taklifiga munosabat bildirar ekan, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatish ifodalangan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida ogohlantirgan.
Sputnik

TOShKENT, 7 fev - Sputnik. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati O‘zbekistonda diniy tuyg‘ular va muqaddas manbalar tahqirlanishiga yo‘l qo‘yilmasligini eslatib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Noyob “Qur’on” kitobini O‘zbekistondan olib chiqishga yo‘l qo‘yilmadi - video

Qo‘mita so‘ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda dinga oid mavzularda turli chiqishlar ko‘paygani sababli ushbu bayonot bilan chiqish qilgan. Xususan, rasmiy bayonotda Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida Safar Kattaboyev nikli foydalanuvchi tomonidan O‘zbekistonda Qur’oni karimning ayrim oyat va suralarni taqiqlash kerakligi yuzasidan bildirgan qarashlari ommaviy muhokamaga sabab bo‘layotgani qayd etib o‘tilgan.

"Avvalo diniy ta’limot o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli muayan din nomidan va uning mohiyati haqida faqatgina mutaxassislar munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’iy nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir. Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q", - deyiladi bayonotda. Qur’oni karim – Alloh taoloning muqaddas kitobi. Undagi sura va oyatlarni insonlar tomonidan ta’qiqlashga urinish, Qur’oni karimga nisbatan bunday fikr aytish mantiqsizlik. Jamiyat mavjud ustuvor g‘oyaga qarshi fikrlar tashlash oqibatida, noroziliklar kelib chiqishi, ixtiloflar yuzaga kelishi mumkinligi voqe’likda ma’lumdir. Tarixda esa shunday ishlarning yakuni qanday ayanchli yakun topgani ko‘pchilikka ma’lum", - deyiladi xabarda. 

Qur’on musobaqasida ishtirok etish uchun 2 mingdan ortiq kishi hujjat topshirdi

Shuningdek, bugungi O‘zbekiston butun dunyoga o‘zining haqli ravishda bebaho tarixi va madaniyatini taqdim etar ekan, albatta islom ta’limotiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan alloma ajdodlari va ularning asarlari bilan faxrlanishi, dunyoni o‘ziga jalb etayotgan islom me’morchiligi va san’ati bilan ziyorat turizmini kuchaytirayotgani ta’kidlangan.

So‘ngi yillarda aynan islom dini bilan bog‘liq bo‘lgan diniy-ma’rifiy muassasalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Abul Mu’in Nasafiy ilmiy markazi, Xalqaro islom akademiyasi tashkil etilgani xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Bularning barchasi xalqimiz tarixini to‘g‘ri anglatish va e’tiqodini to‘g‘ri shakllantirishga qaratilgan, deb eslatib o‘tadi qo‘mita.

"Yana bir muhim jihatni yodda saqlash zarur. Internet tarmoqlaridagi voqea-hodisalarga fikr-mulohaza bildirish asnosida ehtiroslarga berilmasdan, donishmandlarcha vazmin va og‘ir-bosiq bo‘lish lozim. Sof e’tiqodli, keng dunyoqarashli kishi bunday vaziyatda qalb va aql amri bilan ish tutadi. Hissiyot va fitnaga solmoqchi bo‘lganlarga imkon berish aqldan emas. Shu o‘rinda, muqaddas Qur’oni karimni o‘zgarishsiz saqlanishi haqidagi Hijr surasidagi: «Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz o‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz saqlaguvchimiz” oyatini eslagan holda, hadisi sharifda aytilganidek “Mo‘min kishi oqil, farosatli, ziyrak va hushor bo‘ladi. So‘zimiz yakunida “Safar Kattaboyev” nomli profil egasi va Internet foydalanuvchilarini Islom dinining mo‘’tabar manbalari va qadriyatlariga taalluqli mavzularda salbiy bahs-munozaralar keltirib chiqaradigan fikrlarni tarqatishdan saqlanishga qat’iy chaqiramiz", - deyiladi bayonotda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, amaldagi qonun hujjatlarida millatlararo adovat uyg‘otish, axloqiy negizlarni va fuqaroviy totuvlikni buzishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatish ifodalangan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun ham javobgarlik belgilanganligini sira unutmaslik kerakligi to‘g‘risida ogohlantirgan.