Bosqichma-bosqich paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini bekor qilish muhokama qilindi

Ta’kidlanishicha, bu – sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yadi.
Sputnik

TOShKENT, 5 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat rejasini bosqichma-bosqich bekor qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Davlat rahbari bu haqda joriy yil 24-yanvardagi murojaatnomasida aytgan edi.

“Paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo‘lmaydi, ular o‘zlari kutganlaridek manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, bu – sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yadi.

O‘zbekistonda paxta terimini mexanizatsiyalash jadallashtiriladi

27 ta klasterga paxta yetishtirish uchun ularning quvvatiga nisbatan ko‘p yer maydoni ajratilgani, 500 ming tonna tolani ishlab chiqarish quvvatiga ega ayrim klasterlarga esa yetarli miqdorda yer berilmagani keskin tanqidga sabab bo‘ldi.

Prezident klasterlarni tanlashda chuqur qayta ishlash darajasi va investitsiyalar hajmi, fermerlar bilan hisob-kitob qilishda mablag‘ning yetarliligi asosiy mezonlar bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Klaster tashkil etilmagan paxta maydonlarida fermerlar ishtirokida kooperatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bunda o‘sha hududlardagi paxta tozalash zavodlari fermerlarga kooperatsiya tashkil etish uchun beriladi, qo‘shilgan qiymatdan tushgan daromad kooperatsiya a’zolari – fermerlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Adliya vazirligiga klasterlar va fermerlarning majburiyatlarini aniq belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Paxta yetishtirishni moliyalashtirishning amaldagi tizimi klasterlar bilan ishlashga moslashmagani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois klasterlar va fermerlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini bekor qilish, ekinlarni majburiy joylashtirish tartibidan 2023-yilgacha bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha joriy va kelgusi yilda amalga oshiriladigan tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi.