Minskdan Toshkentgacha: Pompeo MDH davlatlarida nima haqda gapirdi va qanday va’dalar berdi

AQSh Davlat kotibining sobiq ittifoq davlatlari bo‘ylab safari davomida yuz bergan eng muhim voqealar va yangragan muhim bayonotlar haqida bizning videomizda tomosha qiling.
Sputnik

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo sobiq Ittifoq davlatlariga uyushtirgan o‘zining bir necha kun davom etgan safarini yakunladi. Bir necha kun ichida u Kiyev, Minsk, Nur-Sulton va Toshkentda bo‘lib, davlat rahbarlari bilan uchrashdi hamda ularga "Donald Tramp salomini yetkazdi". 

Kazansev Pompeo O‘zbekistonga qanday maqsad bilan kelayotganini aytdi

Pompeo o‘z sayohatini Ukrainadan boshladi, u yerda Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazib, unga bir necha marotaba dalda so‘zlarini aytdi. Darvoqe, Kiyevga ko‘rsatiladigan qandaydir aniq choralar haqida lom-mim deyilmadi.

Ammo Belarus davlatida AQSh Davlat kotibi hazilni ham, va’dalarni ham ayab o‘tirmadi. Misol uchun, Pompeo AQSh respublikani neft bilan to‘liq ta’minlashga tayyorligini aytdi. Ammo, bu qay tarzda, nimani hisobiga va qanday shartlar asosida amalga oshirilishi aniqlashtirilmadi.

Shundan so‘ng, AQSh tashqi siyosiy idorasi rahbari Qozog‘istonga uchib keldi va bu yerda mamlakat rahbari bilan uchrashuvda turli yo‘llar bilan Vashington ko‘magini namoyish etishga urindi, gap orasida respublika suverenitetiga go‘yo salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan Nur-Sulton va Moskvaning "haddan ziyod yaqin aloqalari"ga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri shama qilindi.

Mayk Pompeo o‘z safarini Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi S5+1 sammiti o‘tkazilgan Toshkentda yakunladi. O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Pompeo o‘zbek hamkasbi bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

Uchrashuvlar davomida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi holat bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. Shu bilan birga, Vashington O‘zbekistonda moliyaviy islohotlarni amalga oshirish uchun 1 million dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.

AQSh Davlat kotibining sobiq ittifoq davlatlari bo‘ylab safari davomida yuz bergan eng muhim voqealar va yangragan muhim bayonotlar haqida bizning videomizda tomosha qiling.