TOShKENT, 31 yanv – Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi kompaniyalardan birida ishlaydigan migrantlar, jumladan O‘zbekiston fuqarolarining ish tashlashda ishtirok etganlari to‘g‘risida ma’lumot tarqalgani munosabati bilan 2020-yil 28-yanvar kuni Bosh konsulxonada ushbu kompaniya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Aniqlanishicha, voqea 27-yanvar kuni mehnatga haq to‘lash shartlari noto‘g‘ri sharhlangani sababli kelib chiqqan. Qayd etilishicha, 2020-yil 1-yanvarga qadar ishga kirgan chet el fuqarolariga 11 oy ishlaganlaridan so‘ng bir oylik ish haqi miqdorida mukofot puli to‘lab beriladi. Ish hajmining kamayishi munosabati bilan mehnat shartnomasini 2020-yil 1-yanvardan keyin imzolagan ishchilarga mazkur tartib tatbiq etilmaydi.
28 yanvar kuni kompaniya vakillari brigada va bo‘linmalar rahbarlari bilan uchrashib vaziyatni tushuntirishgan. Nizo bartaraf etilgan hamda barcha ishchilar o‘z vazifalariga qaytgan.