TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Hukumatning 2020-yil 29-yanvardagi 39-sonli qarori bilan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, uy-joylar imtiyozli ipoteka krediti asosida har yili tuman(shahar)lardan belgilangan tartibda ajratiladi.
Uy-joy ajratish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- ariza beruvchi talabgor sifatida yozma tavsiyani olish uchun talabgorlarni tanlash bo‘yicha komissiya raisiga doimiy yashash joyi bo‘yicha hujjatlarni va so‘rovnoma-arizani taqdim etadi;
- komissiya hujjatlarni 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi;
- komissiya arizani ko‘rib chiqishda uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlarini qator ijtimoiy mezonlar asosida (talabgor nomida uy-joy yo‘qligi, ijarada turishi, boshqa oila bilan bir uyda yashashi, ko‘p bolalilik va b.) aniqlaydi;
- arizani ko‘rib chiqish va uy-joy sharoitini o‘rganish natijasida komissiya yozma tavsiya berish yoki yozma tavsiya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
- yozma tavsiya berilgan talabgorlar dastlabki shartnomalarni tuzish uchun injiniring kompaniyasi filialiga murojaat qiladi.
2020 yil dasturlari doirasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun ipoteka kreditlarini ajratish bo‘yicha:
- imtiyozli davr – 1 yil;
- kreditdan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir meyorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda qayta moliyalashtirish stavkasida belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hududlarda migrantlarga ajratilgan uylar soni ochiqlangani xabar qilingan edi.