O‘zbekistonda Xitoydan kelgan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi jiddiy fazaga ko‘tarilgan. So‘nggi ma’lumotlarda vafot etganlar soni 170 nafardan oshgani keltirilmoqda. Ushbu kasallik 16 ta davlatda tarqalgan.
Sputnik

TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Xitoydan kelgan fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, so‘nggi o‘n kun ichida ana shunday tekshiruvlar natijasida Xitoydan kelgan fuqarolarning 59 nafaridan virusologik tekshiruv o‘tkazish uchun namunalar olingan. 19 nafar shaxs esa Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida tashkil etilgan bo‘limga murojaat etgan va tibbiy nazoratdan o‘tkazilgan.

TIV O‘zbekiston fuqarolariga Xitoyga borishdan tiyilib turishni qat’iy tavsiya etdi

“Shu o‘rinda aytish kerakki, ayni paytga qadar ularning birontasida ham koronavirus infeksiyasi umuman aniqlanmagan. Bundan tashqari, Xitoydan kelgan fuqarolar yashash manzili bo‘yicha oilaviy poliklinikalar tibbiyot xodimlari va epidemiologlar tomonidan 14 kun davomida nazoratga olinmoqda”, - deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi tomonidan gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha ham monitoring olib borilmoqda. Natijalarga ko‘ra, gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan birmuncha mavsumiy ko‘tarilish kuzatilgan bo‘lsa-da, ushbu kasalliklar bo‘yicha o‘lim holatlari qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulla Aripov Xitoyda tarqalayotgan yangi turdagi koronavirusning mamlakatga kirib kelishining oldini olish masalasida yig‘ilish o‘tkazgani va har bir tashkilotlarga muayan topshiriqlar bergani xabar qilingan edi.