Toshkent viloyatida it urishtiruvchi hibsga olindi

Zangiota tumanida 29 yoshli fuqaro qonunga xilof ravishda pitbul zotdor itlarini urishtirgan. Bu o‘yinga o‘zi 2,4 ming dollar, do‘sti esa 2 ming dollar tikkan.
Sputnik

TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. Toshkent viloyatida it urishtirish shaklida qimor o‘yini tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 26-yanvar IIV JQBB va Zangiota tuman IIB xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda 29 yoshli R.A. qonunga xilof ravishda Zangiota tumanida it urishtirish uchun maxsus joy tashkil qilganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, o‘yinga 26 yoshli D.Q. 2000 dollar va uning o‘zi 2450 dollar va 500 ming so‘m miqdoridagi pullarni tikkan. So‘ngra o‘zlarining pitbul zotdor itlari urishtirishni tashkil qilib, 49 yoshli A.Xni hakamlik qilish uchun jalb qilganlar.

Itga nisbatan shafqatsizlik qilgan fuqaro jazolandi

Tadbir davomida A.X. dan qo‘l tarozisi va jami 4450  dollar va 500 ming so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil tariqasida protsessual tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.  A.R.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Itlar hozirda tuman IIB binosida parvarishlangan holda saqlanmoqda. Itlarning kelgusida saqlash joyi va ularning egalariga nisbatan hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lganliklari uchun javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda