Erdo‘g‘on Trampning “asr kelishuvini” qoraladi

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp “asr kelishuvini” taqdim etgan edi. Kelishuv bilan Isroil-Falastin mojarosini tartibga solishga oid takliflar bayon etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Turkiya prezidenti Tayyib Erdog‘an AQSh rahbari Donald Tramp taklif qilgan “asr kelishuvi” “Isroilning Falastin yerlarini bosib olishini qonuniylashtirish” ekanini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, Quddusni Isroilga berish rejasi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xatti-harakatdir. Chunki bu falastinliklarning huquqini poymol qiladi va Isroil istilosini qonuniylashtiradi.

Kim birinchi g‘azablanadi. Ekspert AQSh va Turkiya munosabatlarini baholadi

“Quddus Isroilga berilmaydi. Bu reja sulh olib kelmaydi”, - dedi Turkiya yetakchisi.

Avvalroq Donald Tramp hozirgi AQSh ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan “asr kelishuvini” taqdim etgan edi. Unga ko‘ra, Quddus Isroilning ajralmas poytaxti bo‘lib qoladi. AQSh falastinliklar uchun elchixonasini Sharqiy Quddusda ochadi. Falastinliklar esa o‘z hududini 2 barobarga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Falastin yetakchisi Mahmud Abbos muzokaralarga rozi bo‘lsa, AQSh unga davlat tashkil etishda yordam beradi.

“Asr kelishuvini” amalga oshirish uchun AQSh Isroil bilan qo‘shma qo‘mita tuzadi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos AQShning “asr kelishuviga” munosabat bildirib, Quddus sotilmasligi, kelishuv esa ilgari siljimasligini ma’lum qildi. Falastin xalqi esa ushbu kelishuvni “tarixning axlat qutisiga” uloqtirib yuboradi.

Arab davlatlari ligasi kengashi (ADL) juma, 31-yanvar kuni “asr kelishuvini” muhokama qilish uchun tashqi ishlar vazirlari darajasidagi shoshilinch yig‘ilish o‘tkazadi.