Kamilov Berlinda Afg‘oniston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bilan uchrashdi

Afg‘oniston tomoni amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.
Sputnik

TOShKENT, 28 yanv - Sputnik. Berlin shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvays Nabom bilan uchrashdi.

Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Germaniyadagi konferensiyada ishtirok etadi

TIV xabariga ko‘ra, muzokaralar davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek, mintaqadagi vaziyat muhokama qilindi.

O‘zaro fikr almashish chog‘ida O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishdan manfaatdorligi va afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga ko‘maklashishga tayyorligi ta’kidlandi.

Mirvays Nabom mintaqadagi integratsion jarayonlarga uning mamlakatini jalb etish va Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan infratuzilma loyihalarini tadbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.