Uxandan qaytib kelgan talabalarga mutaxassislar bilan bog‘lanish qat’iy tavsiya qilindi

Xitoyda 25-yanvar kuni koronavirus tarqalishi sababli 1,2 mlrd kishi istiqomat qiladigan hududlarda eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyat joriy etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 26 yanv – Sputnik. O‘zbekiston TIV Xitoyda bo‘lib turgan yoki ushbu davlatga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi va Shanxay shahridagi bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil 25-yanvar kuni koronavirus tarqalishi sababli Xitoy hukumati mamlakatning 1,2 milliard kishi istiqomat qiladigan 25 ta provinsiyasi, markazga bo‘ysunadigan shaharlari va maxsus ma’muriy hududlarida sog‘liqni saqlash bo‘yicha eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatni joriy etgan.

Xitoyning Uxan shahridagi o‘zbekistonlik talabalar vatanga qaytariladi

Xubey provinsiyasining 15 dan ortiq shaharlarida maxsus karantin choralari joriy etilgan: transport vaqtincha to‘xtatilgan, vokzallar va aeroportlar ishlamayapti.

Pekin shahrida 30 dan ortiq kishi ushbu kasallikni yuqtirgan bo‘lib, u yerda aksar diqqatga sazovor joylar, teatrlar, muzeylar, shu jumladan Taqiqlangan shahar yopilgan.

Elchixona Xitoyda bo‘lib turgan yoki mamlakatga turizm va boshqa maqsadlar uchun tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga barcha xavf-xatarlarni inobatga olish va barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qilgan.

“Elchixona yanvar oyida Uxandan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalarni zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni qat’iy tavsiya qiladi”, - deyiladi TIV xabarida.

Idora Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga (tel.: +86 135-1102-4242 Bobur Yahoyev, +86 139 1175-4476 Shuhrat Umirov) hamda Shanxay shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.:+86 131-2255-5772, Aziz Ulug‘bekov) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.