Firibgar samarqandliklarga “Green Card”da yutuq va’da qilib, ularni katta pulga chuv tushirdi

Samarqandda firibgar ikki fuqaroga ularni Amerikaga ishga yuborish uchun “Green Card” lotareya o‘yinida yutib, yarim yil ichida viza olib berishga va’da bergan.
Sputnik

TOShKENT, 26 yanv – Sputnik. Samarqandda ikki fuqaroga AQSh vizasini va’da qilib, ularning 8300 dollar pullarini o‘zlashtirgan firibgarga qarshi jinoyat ishi ochildi.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, o‘tgan yilning 02-iyun kuni 30 yoshli X.X. fuqaro 48 yoshli B.X.ni AQSh davlatiga ishga yuborish uchun “Green Card” lotareya o‘yinida yutib, 6 oy ichida viza olishga va’da bergan.  So‘ngra fuqarodan 5800 dollar olgan va pullarni ehtiyojiga sarflagan.

Nukuslik o‘qituvchi firibgarning Nigeriyadagi hisobiga 165 mln o‘tkazdi

Xuddi o‘sha fuqaro Samarqand tumanida yashovchi fuqaro 24 yoshli M.O.ni shu usul bilan chuv tushirgan. Unga ham yuqoridagi va’dalarni berib, 2500 dollarini olgan. Biroq hozirgacha  va’dasining ustidan chiqmagan.

Firibgar jabrlanuvchilarga jami bo‘lib 8300 dollar miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston JKning 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.