Poytaxt yo‘llarining transport oqimi eng zich bo‘lgan qismlari qayta ta’mirlanmoqda

Toshkent shahar hokimligi yo‘llarning transport oqimi eng zich bo‘lgan qismlarini qayta ta’mirlash ishlarini boshladi.
Sputnik

TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Toshkent shahar hokimligi Bektemir, Sergeli va Yunusobod tumanlaridagi yo‘llarning transport oqimi eng zich bo‘lgan qismlarini qayta ta’mirlash ishlarini boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonqulov ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, qayta ta’mirlanadigan yo‘llar bo‘yicha loyiha ishlari hali ham davom etmoqda. Rekonstruksiya qilinayotgan uchastkalarda yangi avtobus bekatlari, piyodalar va velosiped yo‘laklarini qurish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Qipchoq ko‘chasi va halqa avtomobil yo‘lni bog‘laydigan yangi yer usti yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u transport oqimi juda zich bo‘lgan Yangi Sergeli ko‘chasida tirbandlikni kamaytiradi.

O‘zbekistonda yangi pullik tonnellar va avtomobil yo‘llari qurilishi rejalashtirilmoqda

Shu bilan birga, Sergeli tumanidagi avtomobil bozoriga kirish va chiqish yo‘llarini qayta qurish rejalashtirilgan. Qayta qurish tugagandan so‘ng, Yangi Sergeli ko‘chasidan kirish amalga oshiriladi, chiqish esa halqa avtomobil yo‘liga amalga oshiriladi.

1. Yangi Sergeli ko‘chasining Janubiy vokzaldan Qipchoq ko‘chasigacha bo‘lgan 6,6 km.lik qismini rekonstruksiya qilish.

2. Ahmad Donish ko‘chasini Mega Planet savdo markazidan Nurafshon ko‘chasigacha bo‘lgan 6,4 km.lik qismini rekonstruksiya qilish.

3. Farg‘ona yo‘li ko‘chasining Kichik halqa avtomobil yo‘lidan Husayn Boyqaro ko‘chasigacha bo‘lgan 7,6 km.lik qismini rekonstruksiya qilish. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘l rekonstruksiyasining umumiy summasi 230,9 mlrd  so‘mni tashkil etadi.