Pichoqlangan va yoqib yuborilgan: bosh prokuratura Nariman Grigoran o‘limiga oydinlik kiritdi

Xonadondan chiqib ketayotgan vaqtida jinoyat ishlarini yashirish maqsadida xonadon va Narimon Grigoranning murdasiga o‘zi bilan olib kelgan benzin yoqilg‘isini sepib, o‘t qo‘ygan
Sputnik

TOShKENT, 20 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi taniqli dizayner Nariman Grigoran qotilligi tafsilotlarini ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Grigoran avval pichoqlangan va so‘ngra yoqib yuborilgan, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Juda samimiy va yaxshi inson edi - Dildora Niyozova Nariman Grigoran haqida

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 14-yanvar kuni soat 12:05 larda Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shu tumanda joylashgan xonadonning mehmonxonasidan 1985-yilda tug‘ilgan Nariman Grigoran(Nariman Alimdjanov)ning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida mazkur qotillik jinoyati 1996-yilda tug‘ilgan A.A. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan. Ayblanuvchi so‘roq davomida Nariman Grigoranni qasddan o‘ldirganini tan olgan.

Ayblanuvchi dizaynerning pul mablag‘lariga egalik qilish maqsadida 13-yanvar kuni 1 litr hajmdagi baklashkada benzin va pichoq bilan qurollanib, Grigoranning uyiga borgan. So‘ng uni qasddan o‘ldirib, xonadonda bo‘lgan 625 AQSh dollari, 2 dona "Iphone" telefoni, 1 dona elektron sigareta chekish moslamasi, 1 dona "Airpods" naushnigi, "Captiva" rusumli avtomashina kalitini o‘zi bilan olib ketgan.

Xonadondan chiqib ketayotgan vaqtida jinoyat ishlarini yashirish maqsadida xonadon va Narimon Grigoranning murdasiga o‘zi bilan olib kelgan benzin yoqilg‘isini sepib, o‘t qo‘ygan.

Toshkentda taniqli dizayner Nariman Grigoran o‘ldirib ketildi

So‘ng, mazkur xonadonga kirish eshigini qulflab chiqib ketgan.

So‘roq davomida u telefonlar, avtomashina kaliti va 2 ta pichoqlarni "Qorasu" kanaliga tashlab yuborganligini, 225 AQSh dollarini so‘mga ayirboshlab, bir qismini o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborganligini iqrorlik bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, «Chigil” ko‘chasidan oqib o‘tuvchi "Qorasu" kanalidan 2 dona pichoq, A.A.ning yonidan 400 AQSh dollari va 1 million 60 ming so‘m pul mablag‘lari, 1 dona "IQOS" elektron sigareta chekish moslamasi va 1 dona "Airpods" quloqchini (naushnik)lar ashyoviy dalil tariqasida olingan.    

Dastlabki tergov harakatlari davomida sud tibbiy va daktiloskopiya ekspertizalari tayinlanib, ayblanuvchi A.A.ning ko‘rsatuvlarini hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatlari o‘tkazilib, 17-yanvar kuni A.A.ga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.