Xalq ishongan deputatning xato qilishga haqqi yo‘q - prezident

Haqiqat bahs va tortishuvlarda tug‘iladi. Xalq ishonchini qozongan deputatning xato qilishga sira haqi yo‘q, dedi prezident.
Sputnik

TOShKENT, 20 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ilk majlisidagi o‘z nutqida, deputatlarni qonunlarni nomigagina ko‘rib chiqib, bir ovozdan ma’qullash amaliyotidan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qilmoqda.

“Haqiqat bahs va tortishuvlarda tug‘iladi. Har bir deputat ma’lum bir sohaga oid qonun qonun qabul qilishda albatta, shu sohaning mutaxassisi sifatida fikr yuritishga qodir bo‘lishi lozim. Chunki sizlar qabul qiladigan qonun hujjatlari millionlab odamlarning butun xalqimizning hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Xalq ishonchini qozongan deputatning xato qilishga, o‘z zimmasidagi yuksak mas’uliyatni unutishiga sira haqi yo‘q.

Prezident o‘z nutqi davomida saylovchilar deputatlarning tashabbus ko‘rsatib o‘z fikri, qat’iy siyosiy irodasini namoyon etishini kutayotgani, har bir soha bo‘yicha qabul qilingan qaror bo‘yicha xalq manfaatlari yo‘lida mustahkam zamin yaratish kerakligini ta’kidladi.

Kechagi saylovchilar bugungi saylovchilar emas  - Shavkat Mirziyoyev

Ikkinchidan, deputatlar muhokamaga kiritilgan qonun loyihasi bo‘yicha o‘zining mustahkam pozitsiyasini ko‘rsatgan taqdirdagina saylovchilar ishonchini oqlay oladi” -deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari o‘tgan chaqiriqda palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyotining yo‘lga qo‘yilganligini ma’qulladi.

“Bu juda ma’qul amaliyot. Shundan so‘ng 400 dan ziyod qonun loyihasidagi mingga yaqin normalar fuqarolarimiz bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi. Misol uchun kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonun loyihasi fuqarolik jamiyatlari institutlari bilan birgalikda keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi” deydi Mirziyoyev.

Bundan tashqari prezident deputatlarni qonunlarni nomigagina ko‘rib chiqib, bir ovozdan ma’qullash kabi eski amaliyotdan voz kechishga, qonunlarni jiddiy va batafsil muhokama qilishni o‘rganishga chaqirdi.