Bosh prokuror oliy ta’lim sohasida korrupsiya tarqalgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi

Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, “har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas”. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir.
Sputnik

TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiyasining yig‘ilishida oliy ta’lim sohasida korrupsiya tarqalgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda kuzatilmoqda.

Toshkentda stajor-o‘qituvchi firibgarlikka qo‘l urdi

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta’lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi. Kolej va litseylarda esa 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan.

2018 yilda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazi o‘tkazgan so‘rovda ishtirok etganlarning 29 foizi oliy ta’lim tizimida korrupsiya keng tarqalgan degan fikrni bildirgan bo‘lsa, 2019 yilda bu salbiy ko‘rsatkich 35 foizni tashkil etgan.

Komissiya raisi talabalik safiga qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, o‘qishga kiritish vaji bilan 115 nafar, jumladan, 58 nafar oliy va 57 nafar o‘rta maxsus ta’lim xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

O‘zini-o‘zi moliyalashtiradigan oliygohlar korrupsiyadan himoya qilinadi

So‘nggi ikki yilda 21 nafar talabaning bunday jinoyatlarga aralashib javobgarlikka tortilganligi tizimdagi korrupsiya oqibati sifatida keskin tanqidga olindi.

Yig‘ilishda komissiya raisi, korrupsiya holatlariga ta’lim jarayonlarning ochiq va shaffof tashkil etilmaganligi sabab bo‘lganligini ko‘rsatib, bundan sohadagi har bir rahbar xodim o‘ziga tegishli xulosa chiqarishi lozimligini ta’kidladi.

Ma’ruza yakunida bosh prokuror Janubiy Afrika Respublikasi Stellenboss universiteti peshtoqiga yozib qo‘yilgan quyidagi iborani iqtibos sifatida keltirdi.

“Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombasi yoki uzoq masofali raketa shart emas. Buning uchun ta’lim sifatini tushirib, imtihonlarga aldov aralashtirishning o‘zi kifoyadir.Bu tarzda ta’lim olgan shifokorlar qo‘lidan bemorlar o‘lim topadi, quruvchilar qurgan uy va binolar vayron bo‘ladi, iqtisodchi va hisobchilar qo‘lida moliyaviy resurslar sovuriladi, adolat ham shunday huquqshunos va sudyalar qo‘lida zavol topadi. Ta’limning inqirozi – bu millat inqirozidir”, - dedi Yo‘ldoshev.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha oliy ta’lim sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylashtirish, qonun buzilishi va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.