TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan O‘zbekistonning Navoiy viloyatida 400 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Kelishuvni imzolash Investitsiya va tashqi savdo vazirligida bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, “Masdar” kompaniyasi shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni amalga oshiradi.
Qurilish uchun investitsiyalar hajmi 600 mln dollar miqdorida baholanmoqda. Ishlarni 2020-yilning uchinchi choragida boshlab, obyektni 2022-yilda foydalanishga topshirish reja qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BAAning “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatidagi umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurishga 100 million dollargacha sarmoya kiritishi xabar qilingan edi.